NOVOSIBIRSK, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan mazkur shahardagi “Vira-Stroy” tashkiloti tomonidan barpo etilayotgan uy-joy majmuasi qurilish ishlarida vaqtincha mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolarimiz bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida respublikamizda xalq manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning oila aʼzolariga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, “Vira-Stroy” qurilish tashkiloti tomonidan vatandoshlarimiz uchun yaratilgan mehnat sharoiti, texnik xavfsizlik meʼyorlariga rioya etilishi, yashash sharoitlari bilan tanishildi.